2026-yil 27-oktabrda Apple M6 chipi bilan jihozlangan 14 dyuymli MacBook Pro modelini taqdim etdi. Noutbukning 12 yadroli markaziy protsessori, 12 yadroli grafik protsessori hamda har biri 16 yadroli ikkita Neural Engine bloki sun’iy intellekt bilan bog‘liq vazifalarni bajarish imkoniyatlarini kengaytirdi. Yangi model avvalgi avloddagi M5 chipli noutbukdan unumliroq ishlaydi va quvvat manbaiga ulanmasdan 24 soatgacha ishlay oladi. Qurilma Siri AI va Apple Intelligence’ning yangilangan funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydigan macOS 27 operatsion tizimida ishlaydi.

Yangi noutbukning imkoniyatlari bilan batafsil tanishishingiz uchun MacBook Pro M6 sharhini tayyorladik.

MacBook Pro M6’da qanday yangiliklar bor?

Asosiy yangilik – M6 chipi. Uning markaziy protsessorida avvalgi avloddagi 10 ta yadro o‘rniga 12 ta yadro mavjud:

  • murakkab hisob-kitoblar uchun 2 ta yuqori quvvatli yadro;
  • katta yuklamalar bilan ishlash uchun 4 ta yuqori unumdor yadro;
  • kundalik vazifalarni bajarishda energiyani tejaydigan 6 ta yadro.

Noutbuk ilovalarni tezroq ishga tushiradi, buyruqlarga tez javob beradi va murakkab loyihalar ustida ham bemalol ishlash imkonini beradi. Masalan, bir vaqtning o‘zida dastur yozishingiz, suratlarni tahrirlashingiz va hujjatlar tayyorlashingiz mumkin.

Grafik protsessor ham 12 yadroga ega. Natijada grafik unumdorlik 30 foizga oshdi. Tasvirlarni yaratish va grafik materiallarga ishlov berish tezlashdi. Grafika bilan ishlash va videolarni tahrirlashda bu farqni yaqqol sezasiz. Nurlar yo‘lini kuzatish texnologiyasining uchinchi avlodi yorug‘lik va soyalarni yanada tabiiy aks ettirishga yordam beradi.

Sun’iy intellekt bilan bog‘liq vazifalarni bajarish tezligi ham oshdi. Har biri 16 yadroli ikkita Neural Engine bloki bunday vazifalarni 1,9 baravar tezroq bajaradi. Grafik protsessorning har bir yadrosiga neyron tarmoqlar bilan bog‘liq hisoblashlarni tezlashtiruvchi bloklar qo‘shildi. Natijada sun’iy intellekt bilan bog‘liq ayrim vazifalarni bajarish tezligi M5 chipiga nisbatan 25 foizgacha oshdi.

Siri AI va Apple Intelligence yangi imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Ovozli yordamchi elektron xatlar, suratlar va xabarlardan kerakli ma’lumotlarni topa oladi. Masalan, Siri AI’dan bir oy oldin bron qilgan mehmonxonangiz manzilini topishni so‘rashingiz mumkin. Apple Intelligence esa endi Safari brauzeridagi ochiq varaqlarni mavzular bo‘yicha guruhlash va veb-saytlardagi yangilanishlarni kuzatishga yordam beradi. Bu funksiyalardan foydalanish imkoniyati hudud va qurilmada tanlangan tizim tiliga bog‘liq.

Asosiy model 16 GB birlashtirilgan tezkor xotiraga ega. Ko‘proq tizim resurslarini talab qiladigan ilovalar bilan ishlasangiz, 24 yoki 32 GB xotirali modelni tanlashingiz mumkin.

SSD uch xil sig‘imda taklif etiladi: 1, 2 va 4 TB. Asosiy modeldagi SSD sig‘imi ish fayllari, suratlar va videolarni saqlash uchun yetarli. Kattaroq sig‘imli SSD esa yirik fayllar bilan ishlash va katta hajmdagi mediafayllarni qurilmaning o‘zida saqlash uchun qulay.

MacBook Pro videolarni tomosha qilishda 24 soatgacha ishlaydi. Energiya tejamkor chip tufayli noutbuk batareya quvvatida ishlaganda ham yuqori unumdorligini saqlab qoladi. Qurilmani tez quvvatlash ham mumkin: 96 Vt quvvatli USB-C quvvatlagichi yordamida batareyani 30 daqiqada 50 foizgacha quvvatlash mumkin. M1 chipli modelga qaraganda, yangi noutbuk quvvat manbaiga ulanmasdan to‘rt soat ko‘proq ishlaydi.

MacBook Pro M6’ning dizayni va ekrani

Yangi modelning dizayni avvalgi avlodnikidan farq qilmaydi. Korpusi qayta ishlangan alyuminiydan tayyorlangan va ikki xil rangda taklif etiladi: Silver va Space Black. Qurilmaning og‘irligi 1,55 kg, o‘lchamlari esa 31,26 × 22,12 × 1,55 sm. Noutbuk sumkada ko‘p joy egallamaydi, shuning uchun uni ishga yoki safarga olib yurish qulay.

Yangi model 14,2 dyuymli Liquid Retina XDR ekrani bilan jihozlangan. Ekran tasvirning yangilanish chastotasini 120 Hz gacha avtomatik moslashtiradigan ProMotion texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. HDR videolarni tomosha qilishda ekran yorqinligi 1600 nitgacha yetadi. Shu tufayli tasvirning yorug‘ va qorong‘i qismlaridagi tafsilotlar aniqroq ko‘rinadi. Ochiq havoda yoki yorug‘ xonalarda ishlash uchun nanoteksturali shisha ekranli modelni tanlashingiz mumkin. Bunday shisha yorug‘likning ekranda aks etishi va yaltirashini kamaytiradi.

Tashqi qurilmalarni ulash uchun qo‘shimcha adapter talab etilmaydi. MacBook Pro’da monitorlar, ma’lumot saqlash qurilmalari va aksessuarlarni ulash uchun quyidagi portlar mavjud:

  • tashqi monitorlarni ulash va ma’lumotlarni 40 Gbit/s gacha tezlikda uzatish uchun uchta Thunderbolt 4 porti;
  • xotira kartalarini o‘qish uchun SDXC uyasi;
  • tasvirni monitor yoki televizorga uzatish uchun HDMI porti;
  • quvvatlash uchun MagSafe 3 porti;
  • quloqchinlarni ulash uchun 3,5 mm uya.

Bir vaqtning o‘zida uchta ekrandan foydalanishingiz mumkin: noutbukning o‘z ekrani va ikkita tashqi monitor. Masalan, bir ekranda taqdimotni ko‘rishingiz, ikkinchisida ish dasturlaridan foydalanishingiz, uchinchisida esa hujjatlarni ochib qo‘yishingiz mumkin.

Noutbuk quyidagi texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlaydigan N1 simsiz aloqa chipi bilan jihozlangan:

  • Wi-Fi 7 – simsiz tarmoqlarga yuqori tezlikda ulanish uchun;
  • Thread – aqlli uy qurilmalari bilan aloqa o‘rnatish uchun;
  • Bluetooth 6 – simsiz quloqchinlar, karnaylar va klaviaturalarni ulash uchun.

Videoqo‘ng‘iroqlar uchun Center Stage va Desk View funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydigan 12 MP old kamera mavjud. Center Stage videoqo‘ng‘iroq davomida kadrni avtomatik moslashtirib, sizni tasvir markazida ushlab turadi. Desk View esa suhbatdoshlaringizga ish stolingizni yuqoridan ko‘rsatish imkonini beradi. Ovozni chiqarish uchun oltita karnay, yozib olish uchun esa studiya darajasidagi uchta mikrofon mavjud.

MacBook Pro M6 kimlarga mos keladi?

MacBook Pro M6 yordamida dasturchilar Xcode’dagi loyihalarni tezroq kompilyatsiya qilishlari, dizaynerlar Affinity’da grafik materiallarga ishlov berishlari, kontent yaratuvchilar esa videolarni tahrirlashlari mumkin.

Yangi noutbuk yuqori unumdorligi va quvvat manbaiga ulanmasdan uzoq vaqt ishlashi tufayli ofis xodimlari va talabalar uchun ham mos keladi. M5 chipli modelga nisbatan farq grafik materiallar bilan ishlash va sun’iy intellektga oid vazifalarni bajarishda yaqqolroq seziladi. Agar Intel protsessorli yoki M1-M4 chiplaridan biri bilan jihozlangan qurilmadan foydalansangiz, farqni yanada yaqqol sezasiz.

2026-yil oktabrda Apple sensorli ekranga ega ilk MacBook modelini namoyish etdi. Uning sharhi blogimizda e’lon qilingan.

MacBook Pro M6’ni qayerdan sotib olish mumkin?

O‘zbekistonda sotuvlar boshlangach, MacBook Pro M6’ni Apple Premium Reseller maqomiga ega iSpace do‘konlaridan xarid qilishingiz mumkin. Biz faqat ishlab chiqaruvchi kafolatiga ega asl qurilmalarni taklif etamiz. Yordam kerakmi? Mutaxassislarimizga do‘konlarimizda yoki onlayn murojaat qilishingiz mumkin.

Toshkentning qoq markazida joylashgan do‘konimizda qurilmalarni xarid qilishdan oldin o‘zingiz sinab ko‘rishingiz mumkin. Onlayn buyurtma bersangiz, kuryer xaridingizni uyingizgacha yetkazib beradi. Bizda Trade In dasturidan foydalanish va xaridni bo‘lib to‘lash imkoniyati ham mavjud. Yangi mahsulotlar haqida birinchilardan bo‘lib xabar topish va maxsus takliflardan foydalanish uchun iSpace Community’ga qo‘shiling.

FAQ

MacBook Pro M6 qachon taqdim etilgan?

Noutbuk 2026-yil 27-oktabrda taqdim etilgan. MacBook Pro M6 O‘zbekistonda qachon sotuvga chiqishini iSpace sayti yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz orqali bilib olishingiz mumkin.

MacBook Pro M6’ning texnik xususiyatlari qanday?

MacBook Pro M6’dagi M6 chipi 12 yadroli markaziy protsessor, 12 yadroli grafik protsessor va har biri 16 yadroli ikkita Neural Engine bloki bilan jihozlangan. Asosiy modelda 16 GB birlashtirilgan tezkor xotira va 1 TB sig‘imli SSD mavjud. Eng yuqori konfiguratsiyada tezkor xotira hajmi 32 GB, SSD sig‘imi esa 4 TB. Noutbuk 14,2 dyuymli Liquid Retina XDR ekrani bilan jihozlangan. Qurilma qayta quvvatlanmasdan 24 soatgacha ishlaydi.

MacBook Pro M6 M5 chipli modeldan nimasi bilan farq qiladi?

Asosiy farqlardan biri – yangi M6 chipi. Uning grafik unumdorligi M5 chipinikidan 30 foiz yuqori. Yangi modelda Bluetooth 6, Wi-Fi 7 va Thread texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlaydigan N1 chipi ham mavjud.

Shuningdek o‘qing

Doimo xabardor bo‘ling!

Tarqatma xabarlarga obuna bo‘ling va do‘konning yangi aksiyalari va maxsus takliflari haqida birinchilardan bo‘lib bilib oling!