Mundarija
2026-yil kuzida iOS 27 eng ko‘p muhokama qilingan yangiliklardan biriga aylandi. 14-sentabr kuni Apple iPhone uchun operatsion tizimning yangi versiyasini rasman chiqardi. Yangilanish bilan bir qator yangi imkoniyatlar paydo bo‘ldi: Siri AI bilan suhbatlar tarixini saqlash uchun alohida ilova yaratildi, Apple Intelligence imkoniyatlari standart ilovalarda yanada kengaytirildi, ota-ona nazorati takomillashtirildi va suratlarni tahrirlash uchun yangi vositalar qo‘shildi. Ushbu maqolada iOS 27’dagi yangiliklar, yangilanishni qo‘llab-quvvatlaydigan iPhone modellari va yangi versiyani o‘rnatish tartibi haqida batafsil ma’lumot beramiz.
Qaysi iPhone modellari yangi iOS versiyasini qo‘llab-quvvatlaydi?
Yangilanishni iPhone 11 va undan keyin chiqarilgan barcha modellarga, shuningdek, ikkinchi va uchinchi avlod iPhone SE modellariga o‘rnatish mumkin. Biroq Apple Intelligence imkoniyatlaridan foydalanish uchun iPhone 15 Pro yoki undan keyin chiqarilgan mos model kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, qurilmada qo‘llab-quvvatlanadigan tillardan biri tanlangan bo‘lishi lozim.
iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max’ning yangi imkoniyatlari haqida qisqa videoni tomosha qiling:
iOS 27’da nimalar o‘zgardi?
Apple yangi versiyada tizimning ishlash tezligini oshirish, sun’iy intellekt imkoniyatlarini kengaytirish va Siri’ni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratdi. Endi fayl almashish, suratlarni tahrirlash va virtual yordamchi orqali turli vazifalarni bajarish yanada osonlashdi. Xo‘sh, iOS 27’da qanday yangiliklar bor?
- Tizimning ishlash tezligi oshdi. AirDrop orqali fayllarni uzatish 80% gacha, yangi suratlarning «Foto» ilovasida ochilishi 70% gacha, ilovalarning ishga tushishi esa 30% gacha tezlashdi.
- Siri AI takomillashtirildi. Avvalgi yozishmalaringizdan kerakli ma’lumotni yoki eski xatlarning birida ko‘rsatilgan manzilni topmoqchimisiz? Siri’dan so‘rasangiz kifoya. Endi virtual yordamchi ekrandagi ma’lumotlarni tushunadi, Siz haqingizdagi ma’lumotlarni hisobga oladi va ilovalarda ko‘proq vazifalarni bajara oladi. Siri uchun yaratilgan alohida ilovada yordamchi bilan suhbatlaringiz tarixi saqlanadi. Shu tufayli istalgan vaqtda avvalgi suhbatlaringizga qaytishingiz mumkin. Siri AI faqat ushbu imkoniyatni qo‘llab-quvvatlaydigan qurilmalarda va mos tillarda ishlaydi. Hozircha o‘zbek tili qo‘llab-quvvatlanmaydi.
- Liquid Glass interfeysini sozlash yanada qulaylashdi. Interfeysdagi shishasimon elementlarning ko‘rinishini didingizga mos ravishda o‘zgartirishingiz mumkin. Maxsus sozlama yordamida ularni yanada shaffof qilish yoki rangli, xiraroq ko‘rinishni tanlash mumkin.

4. Ota-ona nazorati takomillashtirildi. Farzandlarning raqamli qurilmalardan foydalanishini nazorat qilish uchun qo‘shimcha sozlamalar joriy etildi. Ota-onalar farzandlari qaysi ilovalardan va qachon foydalanishi mumkinligini, masalan, maktabdagi dars jadvalini hisobga olgan holda belgilashlari mumkin. Communication Safety funksiyasi bolalarni nomaqbul materiallardan himoya qilishga yordam beradi. Endi u nafaqat yalang‘ochlik aks etgan, balki qonli va shafqatsiz sahnalar tasvirlangan surat hamda videolarni aniqlay oladi.
5. Suratlarni tahrirlash uchun yangi imkoniyatlar qo‘shildi. Sun’iy intellekt yordamida suratning kompozitsiyasini o‘zgartirish, keraksiz obyektlarni olib tashlash va kadr chegaralarini kengaytirish mumkin. Masalan, kadrni kengaytirib, suratni uzoqroqdan olingandek ko‘rsatish mumkin.
6. Safari brauzeriga yangi funksiyalar qo‘shildi. Yangi Notify Me funksiyasi Siz tanlagan veb-sahifalardagi o‘zgarishlarni kuzatib boradi. Masalan, biror mahsulotning sotuvga chiqishini kutayotgan bo‘lsangiz, do‘kon sahifasini qayta-qayta tekshirishingiz shart emas. Notify Me bu haqda Sizga bildirishnoma yuboradi. Safari interfeysiga ham ayrim o‘zgartirishlar kiritildi. Endi ochiq varaqlarni mavzular bo‘yicha guruhlash, masalan, xaridlar va ishga oid sahifalarni alohida ajratish mumkin.

7. Suratlarni ulashish yanada osonlashdi. Endi bir nechta foydalanuvchi o‘z suratlarini iCloud’dagi umumiy albomga joylashi mumkin. Yangi yoki yangilangan umumiy albomlarga suratlar asl sifatini saqlagan holda yuklanadi. Ularga emojilar orqali munosabat bildirish, kerakli suratlarni esa filtrlar yordamida osongina topish mumkin. Yaqinlaringizda Apple qurilmasi bo‘lmasa ham, ularga havola yuborib, iCloud.com orqali umumiy albomga taklif qilishingiz mumkin.
iOS 27’dagi yangiliklar shu bilan cheklanmaydi. Shortcuts ilovasida buyruqlar yaratish osonlashdi. Budilnik, taymer va tizim tovushlarining balandligini alohida sozlash imkoniyati ham paydo bo‘ldi. Bundan tashqari, standart ilovalar vidjetlarini kattaroq hajmda ko‘rsatish mumkin.

iOS’ning eng so‘nggi versiyasiga qanday yangilash mumkin?
iOS 27’ga yangilash uchun iPhone, Wi-Fi tarmog‘i va biroz bo‘sh vaqt kifoya. Buning uchun quyidagi amallarni bajaring:
- Ma’lumotlaringizning zaxira nusxasini yarating. Muhim ma’lumotlaringizni kompyuteringizga yoki iCloud’ga zaxiralab qo‘ying. Shunda yangilash vaqtida muammo yuzaga kelsa, ularni qayta tiklashingiz mumkin.
- iPhone’ni Wi-Fi tarmog‘iga ulang va quvvatlashga qo‘ying. Yangilash uchun barqaror internet aloqasi zarur. Jarayon davomida smartfonning quvvati tugab qolmasligi ham muhim.
- Dasturiy ta’minotni yangilash bo‘limini oching. «Sozlamalar» → «Asosiy» → «Dasturiy ta’minotni yangilash» bo‘limiga o‘ting. Tizim mavjud yangilanishlarni tekshiradi va qurilmangiz uchun iOS 27 yangilanishi mavjudligini ko‘rsatadi.
- Operatsion tizimni yangilang. «Yuklab olish va o‘rnatish» tugmasini bosing, amalni tasdiqlang va jarayon tugashini kuting. Bu vaqtda smartfonni o‘chirmang. Agar yangilanish allaqachon yuklab olingan bo‘lsa, «Bugun tunda yangilash» bandini tanlab, uni tunda o‘rnatishni rejalashtirishingiz mumkin.
Yangilash jarayoni tugagach, iPhone qayta ishga tushadi va Siz iOS 27’ning yangi imkoniyatlaridan foydalana olasiz.
Agar yangi versiyani o‘rnatishda muammo yuzaga kelsa, iPhone’ni kompyuter orqali yangilashingiz mumkin. Buning uchun iPhone’ni kabel orqali Mac kompyuteriga ulang. Agar kompyuteringizda macOS Catalina (2019-yilda chiqarilgan) yoki undan keyingi versiya o‘rnatilgan bo‘lsa, Finder’ni oching va yon paneldan iPhone’ingizni tanlang. «Asosiy» bo‘limida «Yangilanishlarni tekshirish» tugmasini bosing. Yangi versiya mavjud bo‘lsa, «Yuklab olish va yangilash» tugmasini tanlang. Agar Mac kompyuteringizda macOS Mojave yoki undan oldingi versiya o‘rnatilgan bo‘lsa, xuddi shu amallarni Finder o‘rniga iTunes orqali bajarishingiz kerak.
iPhone’ni Windows operatsion tizimida ishlaydigan kompyuter orqali ham yangilash mumkin. Buning uchun Apple Devices ilovasi kerak bo‘ladi. Uni Microsoft Store’dan yuklab olishingiz mumkin. iPhone’ni kabel orqali kompyuterga ulang, ilovaning yon panelidan qurilmangizni tanlang va «Asosiy» bo‘limiga o‘ting. «Yangilash» tugmasini bosing va ekrandagi ko‘rsatmalarga amal qiling.
Yangilash vaqtida qurilma xotirasida bo‘sh joy yetishmasligi sababli muammo yuzaga kelishi mumkin. Bunday holatda keraksiz fayllarni o‘chiring yoki ularni bulutli xotiraga ko‘chiring. Shundan so‘ng yangilashga qayta urinib ko‘ring.
iOS’ni o‘rnatish bo‘yicha savollaringiz bormi? Mutaxassislarimizga murojaat qiling. Toshkentdagi iSpace do‘konimizga tashrif buyuring, bizga telefon qiling yoki saytimizdagi chat orqali yozing. iSpace Apple Premium Reseller maqomiga ega. Bizda Trade In dasturi orqali eski qurilmangizni yangisiga almashtirishingiz yoki yangi qurilmani bo‘lib to‘lash sharti bilan xarid qilishingiz mumkin. Do‘konimizda faqat ishlab chiqaruvchi kafolati bilan taqdim etiladigan original qurilmalar sotiladi. O‘zbekiston bo‘ylab yetkazib berish xizmati ham mavjud. Maxsus takliflardan foydalanish va Apple yangiliklaridan muntazam xabardor bo‘lib turish uchun iSpace Community’ga qo‘shiling.
Katalogimizdan o‘zingizga mos yangi iPhone modelini tanlang:
Ko‘p beriladigan savollar
iOS 27 qachon chiqarildi?
Yangi operatsion tizim 2026-yil 8-iyun kuni WWDC26 konferensiyasida taqdim etildi. iOS 27’ning rasmiy versiyasini 14-sentabrdan boshlab yuklab olish mumkin bo‘ldi.
Qaysi iPhone modellari operatsion tizimning eng so‘nggi versiyasini qo‘llab-quvvatlaydi?
Yangilanish iPhone 11 va undan keyin chiqarilgan modellarda, shuningdek, ikkinchi va uchinchi avlod iPhone SE modellarida ishlaydi. Apple Intelligence imkoniyatlaridan iPhone 15 Pro va undan keyin chiqarilgan mos modellarda foydalanish mumkin. Biroq ayrim funksiyalarning mavjudligi til va hududga bog‘liq.
iOS 27’da qanday yangiliklar paydo bo‘ldi?
Sentabrdagi iOS yangilanishida ota-ona nazoratining yangi imkoniyatlari, takomillashtirilgan Siri AI yordamchisi va suratlarni tahrirlash uchun qo‘shimcha vositalar taqdim etildi. Shuningdek, iCloud’dagi umumiy albomlar orqali suratlarni ulashish va Liquid Glass interfeysi elementlarining shaffofligini sozlash yanada qulaylashdi.
iOS 27’ni iPhone’ga qanday o‘rnatish mumkin?
Avval ma’lumotlaringizning zaxira nusxasini yarating. iPhone’ni Wi-Fi tarmog‘iga ulang va quvvatlashga qo‘ying. So‘ng «Sozlamalar» → «Asosiy» → «Dasturiy ta’minotni yangilash» bo‘limiga o‘ting. Agar iOS 27 yangilanishi mavjud bo‘lsa, uni tanlang va ekrandagi ko‘rsatmalarga amal qiling.
iOS 27’da Apple Intelligence’ning qanday yangi imkoniyatlari paydo bo‘ldi?
Suratlarni tahrirlash uchun yangi vositalar qo‘shildi. Takomillashtirilgan Clean Up funksiyasi suratdagi keraksiz obyektlarni olib tashlashga, Extend esa kadr chegaralarini kengaytirishga yordam beradi. Yangilangan Siri AI yordamchisi ilovalarda ko‘proq vazifalarni bajara oladi. Shuningdek, suhbatlar tarixini saqlash uchun alohida Siri ilovasi ham paydo bo‘ldi.
iOS’ning eng so‘nggi versiyasiga yangilash kerakmi?
Agar iPhone’ingiz iOS 27’ni qo‘llab-quvvatlasa, yangilanishni o‘rnatishni tavsiya etamiz. Shunda yangi imkoniyatlardan foydalana olasiz. Xatolarning bartaraf etilishi va xavfsizlik tizimining takomillashtirilishi esa qurilmangizning yanada barqaror ishlashiga yordam beradi.
Shuningdek o‘qing
Tarqatma xabarlarga obuna bo‘ling va do‘konning yangi aksiyalari va maxsus takliflari haqida birinchilardan bo‘lib bilib oling!