iCloud – Apple’ning bulutli xizmati bo‘lib, ma’lumotlarni avtomatik ravishda saqlaydi va bitta Apple hisobiga ulangan qurilmalar o‘rtasida sinxronlaydi. Undan foydalanish uchun iPhone, iPad va Mac’da Apple hisobingizga kiring, so‘ng kerakli ilovalar uchun sinxronlashni yoqing.

Har bir foydalanuvchiga bulutli xotirada 5 GB joy bepul taqdim etiladi. Agar bu hajm yetarli bo‘lmasa, ko‘proq xotira joyi beriladigan tarifga o‘tishingiz mumkin. Quyida iCloud nima ekani, zaxira nusxalarini qanday yaratish va zarur bo‘lganda xotira hajmini qanday oshirish haqida batafsil tushuntiramiz.

 

iCloud nima va u nima uchun kerak?

iCloud – Apple hisobingizga bog‘langan Apple’ning bulutli xotira xizmati. U tanlangan ma’lumotlarni saqlaydi, ularni turli qurilmalarda sinxronlab turadi hamda iPhone va iPad’ning zaxira nusxalarini yaratish imkonini beradi.

Bulutli xizmatdan foydalansangiz, ma’lumotlarni kabel yoki flesh-xotira orqali qo‘lda ko‘chirishingizga hojat qolmaydi. Fayllar avtomatik ravishda sinxronlanishi uchun bir nechta qurilmada bitta Apple hisobidan foydalanish kifoya. Masalan, iPhone’da suratni tahrir qilsangiz, uning yangilangan versiyasi Mac’da ham paydo bo‘ladi.

iPhone yoki iPad’da iCloud’ni qanday yoqish mumkin?

Xizmatni bir necha daqiqada sozlash mumkin. Buning uchun Apple hisobiga kirish paroli va barqaror internet aloqasi kerak bo‘ladi. iPhone’da iCloud’ni yoqish tartibi:

  1. «Sozlamalar»ni oching.
  2. Hisob sozlamalariga o‘tish uchun ekranning yuqori qismidagi ismingizni bosing.
  3. iCloud bo‘limini oching. Bu yerda bulutli xotira va sinxronlash sozlamalari joylashgan.
  4. «iCloud’da saqlanadi» bo‘limida ma’lumotlarini bulutda saqlamoqchi bo‘lgan ilovalarni tanlang va ularning yonidagi tugmalarni yoqing.

iPad’da iCloud’ni yoqish tartibi deyarli bir xil. Dastlabki sinxronlash bir necha soat davom etishi mumkin, ayniqsa ma’lumotlar ko‘p bo‘lsa. Qurilmani Wi-Fi tarmog‘iga ulab, quvvatga ulab qo‘yish tavsiya etiladi. Keyinchalik yangi fayllar va o‘zgarishlar fonda avtomatik ravishda bulutga yuklanadi.

iCloud’dan turli Apple qurilmalarida qanday foydalanish mumkin?

Bulutli xizmat bitta Apple hisobiga ulangan qurilmalar o‘rtasidagi o‘zgarishlarni avtomatik ravishda sinxronlaydi. Mac’da «Taqvim»ga tadbir qo‘shsangiz, u Apple Watch’da ham paydo bo‘ladi. iPhone’da yangi parolni saqlasangiz, iCloud Keychain orqali undan iPad va Mac’da ham foydalanishingiz mumkin. Shu bilan birga, qaysi ilovalar sinxronlanishi, qaysilari esa sinxronlanmasligini o‘zingiz belgilashingiz mumkin.

Hujjatlar, taqdimotlar, PDF fayllar va boshqa ma’lumotlarni saqlash uchun iCloud Drive mavjud. iPhone va iPad’da unga «Fayllar» ilovasi, Mac’da esa Finder orqali kirish mumkin. Hujjatni shu papkaga joylashtirsangiz, shu Apple hisobidan foydalanayotgan boshqa qurilmada ham uni ochishingiz va tahrirlashingiz mumkin.

iCloud’da zaxira nusxasi qanday yaratiladi?

Zaxira nusxasi qurilmadagi ma’lumotlar va sozlamalarning muayyan vaqtdagi holatini saqlab qoladi. Odatda unga tizim sozlamalari, xabarlar tarixi hamda iCloud orqali alohida sinxronlanmaydigan ilova ma’lumotlari kiradi. Bunday nusxa qurilma zavod sozlamalariga qaytarilsa, shikastlansa yoki yo‘qolsa, ma’lumotlarni tiklash, shuningdek, ularni yangi qurilmaga ko‘chirish uchun kerak bo‘ladi.

Zaxira nusxalarini avtomatik ravishda yaratishni yoqish mumkin. iCloud’da zaxira nusxasini yaratish uchun:

  • «Sozlamalar»ni oching va ismingizni tanlang;
  • iCloud bo‘limiga o‘ting;
  • «iCloud’dagi zaxira nusxasi»ni bosing;
  • «Ushbu iPhone’ning zaxira nusxasini yaratish» yoki «Ushbu iPad’ning zaxira nusxasini yaratish» funksiyasini yoqing.

Bu funksiya yoqilgach, qurilma quvvat olayotgan, Wi-Fi tarmog‘iga ulangan va ekrani qulflangan paytda tizim zaxira nusxalarini avtomatik ravishda yaratadi. Ko‘pincha bu jarayon tunda, qurilmadan foydalanmayotgan vaqtingizda bajariladi.

iCloud’da qo‘shimcha joyni qanday sotib olish mumkin?

Har bir foydalanuvchiga bulutli xotirada 5 GB joy bepul taqdim etiladi. Agar ko‘p surat, fayl yoki katta hajmdagi zaxira nusxalarini saqlasangiz, bu joy tezda tugashi mumkin. iCloud’da qo‘shimcha joy sotib olish tartibi:

  1. «Sozlamalar»ga kiring va ismingizni bosing.
  2. iCloud bo‘limini oching va xotirani boshqarish bo‘limiga o‘ting.
  3. Mavjud variantlarni ko‘rish uchun xotira tarifini o‘zgartirishni tanlang.
  4. Kerakli hajmni tanlang va ekrandagi ko‘rsatmalarga amal qilib obunani rasmiylashtiring.

Narxlar, tariflar va qo‘shimcha imkoniyatlar hudud hamda amaldagi shartlarga qarab farq qiladi. O‘zbekistonda 2026-yilda obuna narxi 50 GB uchun $0,99 dan 12 TB uchun $64,99 gacha.

iCloud’dagi joy tugayotganini qanday bilish mumkin?

Bo‘sh joy kamayib borayotgan bo‘lsa, qurilma bu haqda sizga avtomatik ravishda xabar beradi. Qancha joy qolganini qo‘lda ham tekshirishingiz mumkin: sozlamalardagi «Xotira» bo‘limiga o‘ting.

Ekranning yuqori qismida bulutli xotiraning umumiy hajmi va egallangan joyning toifalar bo‘yicha taqsimoti ko‘rsatilgan rangli diagramma paydo bo‘ladi. Shu orqali suratlar, hujjatlar, tizim ma’lumotlari va boshqa fayllar qancha joy egallayotganini tezda ko‘rishingiz mumkin.

iCloud ishlamasa yoki ma’lumotlar sinxronlanmasa nima qilish kerak?

Ko‘p hollarda iCloud muammosiz ishlaydi. Ba’zan internet aloqasidagi muammolar yoki dasturiy ta’minotning eskirgan versiyasi sababli sinxronlash to‘xtab qolishi mumkin. Bunday holatda quyidagilarni sinab ko‘ring:

  • internet aloqasini tekshiring – qurilma barqaror Wi-Fi tarmog‘iga ulanganiga ishonch hosil qiling;
  • Apple xizmatlarining holatini tekshiring – «Tizim holati» sahifasida kompaniya xizmatlaridagi joriy nosozliklar ko‘rsatiladi;
  • bo‘sh joyni tekshiring – xotirada joy qolmagan bo‘lsa, keraksiz ma’lumotlarni o‘chirib, joy bo‘shating yoki ko‘proq xotira joyi beriladigan tarifga o‘ting;
  • tizim yangilanishlarini o‘rnating – iOS, iPadOS yoki macOS’ning yangi versiyasi ayrim xatolarni bartaraf etishi mumkin.

Agar yuqoridagilar yordam bermasa, qurilmani qayta ishga tushirib ko‘ring.

iCloud nima ekani va undan qanday foydalanishni bilsangiz, muhim hujjatlar, suratlar va sozlamalarni bulutda saqlashingiz hamda ularga turli qurilmalardan kirishingiz mumkin. Qo‘shimcha savollaringiz bo‘lsa, O‘zbekistondagi Apple Premium Reseller – iSpace mutaxassislariga murojaat qiling. Maslahatchilarimiz Apple qurilmalari va xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha sizga yordam beradi.

iSpace do‘konlarida turli vazifalar uchun mos yangi qurilmani tanlashingiz mumkin. Assortimentda faqat ishlab chiqaruvchining rasmiy kafolatiga ega original qurilmalar mavjud. Mutaxassislar o‘qish, ish yoki sovg‘a uchun mos qurilmani tanlashga yordam beradi. Mahsulotni onlayn buyurtma qilib, kerakli shaharga yetkazib berish xizmatidan foydalanishingiz yoki Toshkentdagi iSpace do‘koniga tashrif buyurishingiz mumkin. Maxsus shartlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati va Trade In dasturi xaridni yanada qulay va foydali qiladi.

Katalogimizdan iPhone tanlang:

Apple haqidagi yana ko‘plab tavsiyalar, sharhlar va yangiliklarni iSpace blogi hamda ijtimoiy tarmoqlarida topishingiz mumkin. Yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun obuna bo‘ling.

FAQ

iCloud’dan qanday to‘g‘ri foydalanish kerak?

Barcha qurilmalarda bitta Apple hisobiga kiring, sinxronlanishi kerak bo‘lgan ilovalarni tanlang va zaxira nusxalarini yaratish funksiyasini yoqing. Yangi ma’lumotlar saqlanishi uchun xotirada yetarli joy bo‘lishi kerak, shuning uchun vaqti-vaqti bilan qancha bo‘sh joy qolganini tekshirib turing.

iCloud’dagi umumiy xotiradan qanday foydalanish mumkin?

Agar obuna rasmiylashtirilgan bo‘lsa, bulutli xotirani oila a’zolari bilan baham ko‘rishingiz mumkin. Sozlamalarda «Oila» bo‘limini oching, «Obunalar»ga o‘ting, iCloud+’ni tanlang va ekrandagi ko‘rsatmalarga amal qiling. Oilaviy guruh a’zolari umumiy xotira hajmidan foydalanadi, biroq bir-birining fayllarini ko‘ra olmaydi.

iCloud’da qo‘shimcha joyni qanday sotib olish mumkin?

«Sozlamalar» – ismingiz – iCloud – xotirani boshqarish bo‘limiga o‘ting, so‘ng tarifni o‘zgartirishni tanlang. Kerakli hajmni belgilang va Apple hisobiga biriktirilgan karta orqali to‘lovni tasdiqlang.

iCloud xotirasi to‘lganligi haqida xabar chiqsa, aslida esa bo‘sh joy bo‘lsa, nima qilish kerak?

Bunday xabar vaqtinchalik xatolik tufayli yoki fayllarni iCloud’ga yuklash uchun yetarli bo‘sh joy bo‘lmaganda paydo bo‘lishi mumkin. Avvalo, xotirada fayllarni iCloud’ga yuklash uchun yetarli joy borligini tekshiring. Agar joy yetarli bo‘lsa, qurilmani qayta ishga tushiring va barqaror Wi-Fi tarmog‘iga ulanib, ma’lumotlarni yana sinxronlab ko‘ring.

Shuningdek o‘qing

2026-yilda Mac’ga Windows o‘rnatish mumkinmi: usullar, cheklovlar va foydali maslahatlar

Apple ekotizimining o‘qishdagi imkoniyatlari: talabalar va o‘quvchilar uchun ko‘pchilik bilavermaydigan 12 ta foydali funksiya

iCloud’dagi fotosuratlar: rasmlarni iCloud’ga qanday yuklash va iPhone xotirasida joy bo‘shatish mumkin?

Doimo xabardor bo‘ling!

Tarqatma xabarlarga obuna bo‘ling va do‘konning yangi aksiyalari va maxsus takliflari haqida birinchilardan bo‘lib bilib oling!

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy maydonlar * bilan belgilangan