Mundarija
- 1 Apple qurilmalari foydalanuvchilariga Windows operatsion tizimi nima uchun kerak bo‘lishi mumkin?
- 2 Mac’ga Windows o‘rnatishdagi asosiy farqlar: Intel va Apple Silicon
- 3 Mac’ga Windows qanday o‘rnatiladi: 3 ta amaliy vosita
- 4 Boot Camp (Intel protsessorli Mac uchun)
- 5 Parallels Desktop virtual mashinasi (Apple Silicon chipli Mac uchun)
- 6 Muqobil variantlar
- 7 Amaliy sinovlar: Windows M seriyali chiplarda qanchalik yaxshi ishlaydi?
- 8 FAQ
Apple’ning macOS operatsion tizimidan foydalanish qulay: uning interfeysi sodda va chiroyli, boshqa Apple qurilmalari bilan uzviy ishlashi esa ko‘plab vazifalarni osonlashtiradi. Biroq ayrim hollarda Windows’dan foydalanishga ehtiyoj tug‘ilishi mumkin.
2026-yilda MacBook’da Windows’ni bir necha usulda ishga tushirish mumkin. Intel protsessorli modellarda buning uchun Boot Camp’dan foydalaniladi. Agar qurilma M seriyali chip bilan jihozlangan bo‘lsa, Windows virtual muhitda ishga tushiriladi. Qurilma tanlash yoki uni sozlash bo‘yicha savollaringiz bormi? iSpace mutaxassislari sizga doimo yordam berishga tayyor.
Apple qurilmalari foydalanuvchilariga Windows operatsion tizimi nima uchun kerak bo‘lishi mumkin?
Ikkinchi operatsion tizim quyidagi holatlarda kerak bo‘lishi mumkin:
- maxsus dasturiy ta’minot bilan ishlash – macOS uchun versiyasi mavjud bo‘lmagan ayrim dasturlar, avtomatlashtirilgan loyihalash tizimlari, buxgalteriya ilovalari va ma’lumotlar bazalaridan foydalanish;
- o‘yinlarni ishga tushirish – Steam va Epic Games Store’dagi ayrim o‘yinlar macOS uchun moslashtirilmagan yoki unda ayrim cheklovlar bilan ishlaydi;
- dasturlarni ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazish – Windows muhitida ilovalarni yaratish, sozlash va tekshirish;
- ish va o‘qish bilan bog‘liq vazifalarni bajarish – masalan, korporativ ma’lumotlar bazalari, maxsus xizmatlar yoki Excel’ning ayrim qo‘shimchalaridan foydalanish.
Buning uchun alohida noutbuk sotib olish shart emas. Windows’ni MacBook’ning o‘zida qo‘shimcha operatsion tizim sifatida ishga tushirish mumkin.
Mac’ga Windows o‘rnatishdagi asosiy farqlar: Intel va Apple Silicon
Intel protsessorli Mac kompyuterlari x86 arxitekturasiga asoslangan. Bunday modellarga Windows’ni Boot Camp yordamida o‘rnatish mumkin. Bunda Windows Mac’ning apparat resurslaridan bevosita foydalanadi va barqaror ishlaydi. E’tibor bering: Boot Camp’dan foydalanganda Windows yoki macOS’dan birini tanlab ishlash kerak. Ikkala operatsion tizimni bir vaqtning o‘zida ishga tushirib bo‘lmaydi.
Apple Silicon chipli qurilmalar Arm arxitekturasiga asoslangan. Ularda Boot Camp’dan foydalanib bo‘lmaydi, shuningdek, Windows’ni Intel protsessorli modellardagi kabi alohida operatsion tizim sifatida o‘rnatish imkoni yo‘q. Shunga qaramay, Windows’dan foydalanish mumkin: u macOS ichida virtual mashinalar yoki boshqa mos vositalar yordamida ishga tushiriladi. Bunda ayrim eski drayverlar yoki dasturlarning mosligi bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishi, shuningdek, ishlash tezligi pasayishi mumkin.
Mac’ga Windows qanday o‘rnatiladi: 3 ta amaliy vosita
Windows’ni ishga tushirishning bir nechta usuli mavjud. Qaysi usul mos kelishi Mac modeli va undagi protsessorga bog‘liq. Quyida amalda keng qo‘llanadigan uchta yechimni ko‘rib chiqamiz.

Boot Camp (Intel protsessorli Mac uchun)
Boot Camp – Intel protsessorli Mac noutbuklari va kompyuterlariga Windows o‘rnatish uchun mo‘ljallangan, uzoq yillardan beri qo‘llanib kelayotgan vosita. Bu usul Windows 10 bilan ishlaydi, biroq Microsoft ushbu operatsion tizimni rasmiy qo‘llab-quvvatlashni 2025-yil kuzida yakunlagan. Tizimdan foydalanishda davom etish mumkin, ammo Extended Security Updates dasturisiz u Microsoft’ning odatiy xavfsizlik yangilanishlarini olmaydi.
Boot Camp’dan foydalanishdan oldin Time Machine yordamida ma’lumotlaringizning zaxira nusxasini yarating, Mac modelingiz ushbu vositani qo‘llab-quvvatlashini tekshiring va diskda yetarli bo‘sh joy borligiga ishonch hosil qiling. Kamida 64 GB bo‘sh joy talab etiladi.
Mac’ga Windows o‘rnatish tartibi:
- Microsoft’ning rasmiy saytidan Windows ISO faylini yuklab oling.
- Finder’ni oching, «Dasturlar» bo‘limidan «Utilitalar» bo‘limiga o‘ting va «Boot Camp Assistant» dasturini ishga tushiring.
- Yuklab olingan ISO faylini tanlang va Windows uchun diskdan kerakli hajmni ajrating.
- «O‘rnatish» tugmasini bosing. Boot Camp diskda kerakli bo‘limni avtomatik ravishda yaratadi va Windows’ni o‘rnatish jarayonini boshlaydi.
- Operatsion tizimni sozlang. Windows’ni o‘rnatish dasturi ekranda kerakli ko‘rsatmalarni beradi. Shu bosqichda faollashtirish kalitini kiritish talab qilinishi mumkin.
- Jarayon tugagach, Mac avtomatik ravishda qayta ishga tushadi.
Kerakli operatsion tizimni tanlash uchun Mac’ni qayta ishga tushiring va yuklanish vaqtida klaviaturadagi Option tugmasini bosib turing.
Parallels Desktop virtual mashinasi (Apple Silicon chipli Mac uchun)
Parallels Desktop Apple Silicon chipli Mac’da Windows’ni virtual muhitda ishga tushirish imkonini beradi. Windows macOS ichidagi alohida oynada ishlaydi, shu sababli Mac’ni qayta ishga tushirish shart emas. Dasturdan yillik obuna yoki muddatsiz pulli litsenziya asosida foydalanish mumkin. O‘rnatish fayli ishlab chiquvchining saytida mavjud.
Dastur Windows 11 on Arm versiyasini avtomatik yuklab oladi, Windows va macOS bilan birgalikda qulay ishlash imkonini beradi hamda M seriyali chiplar uchun optimallashtirilgan muhit yaratadi. Ikki operatsion tizim umumiy almashish buferidan foydalanishi mumkin, shu sababli ular orasida matn va fayllarni oson ko‘chirish mumkin.
Muqobil variantlar
Boshqa yechimlar ham mavjud. VMware Fusion shaxsiy foydalanish uchun bepul litsenziya taklif qiladi. Dastur barqaror ishlaydi, biroq macOS bilan integratsiya imkoniyatlari bo‘yicha Parallels Desktop’dan ortda qolishi mumkin.
UTM – turli operatsion tizimlarni ishga tushirishga mo‘ljallangan ochiq manbali bepul dastur. U oddiy vazifalar uchun mos keladi. Masalan, 1C’da hisobot tayyorlash yoki ma’lumotlar bazalari bilan ishlash mumkin. Ammo katta resurs talab qiladigan o‘yinlarda uning unumdorligi yetarli bo‘lmasligi mumkin.
CrossOver esa Wine texnologiyasiga asoslangan moslik muhiti orqali qo‘llab-quvvatlanadigan Windows dasturlarini ishga tushirish imkonini beradi. Bu, ayniqsa, faqat bitta muayyan Windows dasturidan foydalanish kerak bo‘lganda qulay. Dastur pulli.
Amaliy sinovlar: Windows M seriyali chiplarda qanchalik yaxshi ishlaydi?

Arm arxitekturasidagi protsessorda virtual Windows tizimi yetarlicha barqaror ishlamasligidan xavotirdamisiz? 2026-yildagi sintetik va amaliy sinovlar Windows 11 on Arm kundalik ishlar hamda aksariyat ofis vazifalarini bemalol bajarishini ko‘rsatadi.
| Vazifa | Qanday ishlaydi |
| Microsoft Office, brauzerlar, korporativ portallar | Hujjatlar, onlayn xizmatlar va korporativ tizimlar bilan bemalol ishlash mumkin |
| Buxgalteriya dasturlari va 1C | Ishlashi dastur versiyasi, konfiguratsiyasi va sozlamalariga bog‘liq |
| Dastur ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazish | IDE’lardan foydalanish, saytlarni tekshirish va Windows ilovalarini sinash mumkin |
| Muhandislik va arxitektura dasturlari | Oddiy loyihalar va o‘rtacha murakkablikdagi vazifalar uchun mos |
| O‘yinlar | Asosan tizim talablari yuqori bo‘lmagan o‘yinlarni ishga tushirish mumkin |
iSpace – O‘zbekistondagi Apple Premium Reseller. Bu yerda ishlab chiqaruvchi kafolati bilan original Apple qurilmalarini xarid qilishingiz mumkin. Katalogimizda Apple texnikasining keng assortimenti mavjud.
Buyurtmani onlayn rasmiylashtirishingiz mumkin, biz esa uni O‘zbekistonning istalgan hududiga tez va ehtiyotkorlik bilan yetkazib beramiz. Agar qurilmani xarid qilishdan oldin ko‘rib, sinab ko‘rishni istasangiz, Toshkentdagi Tashkent City Mall savdo markazida joylashgan iSpace do‘koniga tashrif buyuring.
Xaridni yanada qulay qilish uchun bo‘lib to‘lash imkoniyatidan foydalanishingiz mumkin. Trade In dasturi ham mavjud: eski qurilmangizni topshirib, qo‘shimcha to‘lov evaziga yangisiga almashtirishingiz mumkin.
Katalogdan o‘zingizga mos Mac’ni tanlang:
Yana savollaringiz bormi? Maslahat olish uchun istalgan vaqtda iSpace mutaxassislari bilan bog‘lanishingiz mumkin. Yangiliklar va foydali maslahatlarni o‘tkazib yubormaslik uchun iSpace’ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini kuzatib boring.
FAQ
MacBook’ga Windows o‘rnatish mumkinmi?
Ha. Intel protsessorli mos MacBook modellariga Boot Camp orqali Windows 10 o‘rnatish mumkin. Apple Silicon chipli qurilmalarda esa Windows 11 on Arm’ni Parallels Desktop yoki boshqa virtualizatsiya vositalari yordamida ishga tushirish mumkin.
Mac’ga Windows o‘rnatishning kamchiliklari bormi?
Virtual mashina Mac’ning operativ xotirasi, protsessor quvvati va boshqa resurslaridan foydalanadi. Bundan tashqari, ayrim o‘yinlar, dasturlar yoki drayverlar bilan bog‘liq moslik muammolari yuzaga kelishi mumkin.
Mac’ga Windows nima uchun o‘rnatiladi?
Windows macOS uchun versiyasi mavjud bo‘lmagan dasturlardan foydalanish uchun kerak bo‘lishi mumkin. Bular qatoriga buxgalteriya dasturlari, muhandislik dasturiy ta’minoti, korporativ xizmatlar, Microsoft Office paketining ayrim maxsus qo‘shimchalari, ta’lim dasturlari va ba’zi o‘yinlar kiradi.
Qaysi MacBook modellari Windows’ni qo‘llab-quvvatlaydi?
Boot Camp Intel protsessorli MacBook modellarida ishlaydi. M1 va undan yangi Apple Silicon chipli MacBook’larda ham Windows’ni ishga tushirish mumkin, ammo buning uchun virtualizatsiya vositalaridan foydalanish kerak.
Shuningdek o‘qing
Tarqatma xabarlarga obuna bo‘ling va do‘konning yangi aksiyalari va maxsus takliflari haqida birinchilardan bo‘lib bilib oling!